Text
Hamma oʻz ishini bilib-bilib qilsin, kamina tanqid bilan band!
Uzr men salbiy izoh yozyapman...
@asfalthcibola siz yoʻllarni taʼmirlashga majbur emassiz, bu sohaga masʼul va davlat byudjetidan otni kallasiday maosh olayotgan falonchilar bor. Achinarlisi, siz yamagan chuqurlar uchun ham (balki) milliardlar ajratilgan va “yamab” yuborilgan boʻlishi mumkin. Aslida ham qilinishi kerak boʻlgan ishni open budget'dan yutib olishga majbur emas bu xalq.
Shuningdek, @uzbekactivist Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi shugʻullanishi kerak boʻlgan ish bilan ovora. Achinarlisi, u shu ishi uchun falonchi tomonidan bosimga uchrab, maʼlum vaqt yoʻq boʻlib ham ketdi.
Nega men toʻlagan soliqlar hisobidan oylik olayotgan xodimlar zimmasidagi ishlarni qaysidir bloger hech qanday real daromadlarsiz bajarishi kerak? Vaqt va shu kabi tiklanmas resurslarini sarflab. Toʻxtanglar, talab qilish kerak, balki shunchaki kontentdir, lekin ularni nogʻorasiga oʻynayapsizlar.
Eng yomon fakt: @urikguli butun boshli Ekologiya vazirligi va Eko partiyadagi mansabdorlardan koʻra taniqli. U koʻplab tayinli ishlari bilan ham mashhur. Oʻtgan yilgi saylov natijalariga koʻra, Qonunchilik palatasiga Eko partiyadan 16 nafar deputat kiritildi. Shuningdek, mahalliy Kengashlarga 762 nafar deputat saylandi. Oʻrik guli shuncha odam qilib-qilmayotgan ish bilan ovora boʻlishga majburmi?
Sanasak vazirlik tizimida necha yuzlab oylikxoʻr ishlaydi (?) Agar tahlil qilsak, har bir sohada tegishli tashkilot vakillaridan koʻra yaxshiroq ishlayotgan blogerlar bor Oʻzbekistonda. Sizga shu yerda murojaat qilmoqchiman: Iltimos! Ishlamang, kontent qilmang demayman, faqat davlat byudjetidan maosh olayotganlardan ish faoliyati va natijaviy harakatlar borasida oʻzib ketmang!
0 notes
Text
Husanovning shaxsiy hududini hurmat qiling!
Manchesterliklar OʻFAdan norozi
Ayni kunlarda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov 2026-yilgi jahon chempionati saralashi doirasida “oq boʻrilar” sharafini himoya qilish uchun Vatanda boʻlib turibdi.
Shu munosabat bilan ayrim xorijiy va koʻplab mahalliy nashrlar futbolchining atrofidagi ijobiy gap-soʻzlar, turli izohlar-u memlarga toʻlib toshgan. Ayniqsa qisqa vaqt ichida oʻzbekistonlik himoyachini yaxshi koʻrib qolishga ulgurgan “Man Siti” muxlislari uning Oʻzbekistonda qanday vaqt oʻtkazayotgani bilan qiziqmoqda. Hatto ayrimlari buni diqqat bilan kuzatmoqda, va masalaga biroz tanqidiy yondashgan.

Quyida Abduqodirning Oʻzbekistonga kelganidan beri nimalarga ulgurgani hamda Angliya klubi muxlisining noroziligiga nima sabab boʻlganiga biroz subyektiv nigoh tashlaymiz:
Husanov 17-mart kuni “Man Siti” futbolchisi sifatida yurtiga ilk bor tashrif buyurdi. Gʻoliblarni karnay-surnay bilan qarshi oladigan oʻzbek xalqi nomidan negadir faqat blogerlar Abdurahmon Fozilov va Ibrohim Ikromov qatnashdi. Shundan soʻng uni kameralar hamrohligida nomaʼlum manzildagi syurpriz tomon olib ketishdi.
Lokatsiyada asli qozogʻistonlik oʻzbek futbol funksioneri Ulugʻbek Asanbayev narxi taxminan 350 ming dollar turadigan Mersedes-Benz G-Class (Gelendvagen) rusumli avtomashina pulti bilan kutib turgan edi. Toychoq Abduqodirga sovgʻa qilindi.

Voqealarning salbiy rivoji shu vaqtdan boshlandi, yaʼni bloger “Autotuning” transfer qiymati 35 mln € boʻlgan futbolchiga mashina uchun “chexol” sovgʻa qilmoqchiligini aytdi. Xoʻsh bu yerda nima gʻalati? — 35 mln €: bu pulga taxminan 126 dona Mercedes-Benz G 63 AMG va 169 ta Mercedes-Benz G 500 avtomobillarini xarid qilish mumkin. Albatta bu pullar Husanovning hamyonida emas, biroq gap “chexol”lar haqida ketsa (?) bilmadim.
Milliy jamoamiz aʼzosi 18-mart kuni safdoshlari bilan birga yigʻinlarga kirishar ekan, bir zum jurnalistlar qurshovida qoldi va uyalib-uyalib intervyu berdi.

Muhim oʻyin oldidan, yulduzli shaxs bilan, uzoq kutilgan intervyuga ahmoqona savollar tayyorlab kelgan ayrim qoʻshtirnoq ichidagi jurnalistlar, futbolchining ensasini qotira boshladi. Ular bir-ikki joʻyali soʻroqlarni hisobga olmaganda, toʻy qachonligi, vatan sogʻinchi, kuyovjoʻra kim va Gelendvagen haqidagi turli jinnicha savollar bilan kasb standartlarini toptab tashladi.
Darvoqe, “jurnalist”lar bejizga toʻy haqida ogʻiz ochmagandi, bu orada qahramonimizning unashtiruv marosimi ham boʻlib oʻtgan edi. Maʼlumotlarga koʻra, 17-mart kuni Husanov terma jamoaning umumiy mashgʻulotlarida ishtirok etmagan. Oʻsha kuni u boʻlajak rafiqasiga “Marry me” marosimini uyushtirgan. Dabdabali ruhda oʻtgan tadbir Toshkent viloyatining togʻli hududlarida tashkil etilgan.
Futbolchiga yaqin manbalarning taʼkidlashicha, nikoh toʻyi shu yilning 27-may sanasiga belgilangan. Katta toʻyga “Manchester Siti” futbolchi va xodimlari ham taklif etilishi mumkin.
BUUM! Germaniyaning Transfermarkt portali Angliya Premer Ligasi futbolchilarining transfer narxlarini yangiladi. Unga koʻra, oʻzbekistonlik himoyachining transfer qiymati 12 mln € dan 35 mln € ga koʻtarildi.

Hozirda Abduqodir Husanov dunyodagi eng qimmat futbolchilar reytingida 199-oʻrinda turibdi. Himoyachi bu koʻrsatkich borasida Angliya chempionatida 90-pogʻonani egallagan. “Manchester Siti” tarkibidagi 12 nafar futbolchi Husanovdan qimmatroqqa baholangan boʻlsa, u dunyodagi eng qimmat markaziy himoyachilar reytingida 39-oʻrinni egallagan. Shuningdek, Abduqodir 2004-yilda tugʻilgan futbolchilar orasida kuchli oʻnlikka kirgan.

Qisqa qilib aytganda Husanov Saudiya Arabistoni, Qatar, Iroq, Avstraliya terma jamoalarining toʻliq tarkibidan ham qimmat.
Va nihoyat 20-mart, oʻyin kuni. Abduqodir terma jamoa bilan JCh-2026 saralashidagi navbatdagi missiyasiga kirishdi. “Bunyodkor” stadionidagi uchrashuvda Oʻzbekiston Qirgʻizistonni minimal hisobda magʻlub etdi.
“AK-45” mukammal formada, kuchga toʻlgan holda yorqin oʻyin koʻrsatdi. Toʻliq Oʻzbekiston ustunligida oʻtgan bahs davomida qahramonimiz jamoa himoyasida Angliya Premer Ligasi darasi haqida tomoshabinlarga tom maʼnoda axborot berib turdi.

Yomon tomoni futbolchi mazkur oʻyingacha va oʻyindan soʻng ham bir necha yuzlab odamlar bilan muloqot qilishga majbur boʻldi. Intervyular, dastxatlar va hokazolar. Bu nega yomon? Har holda futbol mutaxassislari shunday fikrda: futbolchining muhofaza hududini istalgan odam istalgan paytda buzib oʻta olmasligi kerak, bu uning fikrlashi, his-tuygʻularini boshqarishi va qaror qabul qilishidagi chalgʻishlarga sabab boʻlishi mumkin.
21-mart Navroʻz bayrami kuni Oʻzbekiston Futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati Abduqodir Husanov va Prezident Shavkat Mirziyoyev uchrashgani, futbolchi davlat rahbariga oʻz dastxati tushirilgan “Manchester Siti” futbolkasini topshirgani tasvirlangan rasmni eʼlon qildi. Uchrashuvda Husanovning otasi Hikmat Hoshimov va Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etgan.

Maʼlumotlarga qaraganda, mazkur muhim uchrashuvdan oldin Abduqodir “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga — tantanali Navroʻz bayramiga ham tashrif buyurgan, u yerda Prezident nutq soʻzlab, oʻzbek xalqini bayram bilan tabrikladi.


Kech tushgach, “oʻzbek devori” 2026-yilgi Jahon chempionati saralashining markaziy oʻyinlaridan biriga (Eronga qarshi) tayyorgarlik koʻrayotgan Oʻzbekiston terma jamoasi mashgʻulotlari sari yoʻl olgan. Ushbu oʻyin 25-mart kuni soat 21:00 da Tehronda boʻlib oʻtadi.
Endi esa “shaharliklar” nima sababdan OʻFAdan norozi ekaniga eʼtibor qaratamiz. Xoʻsh, yuqorida Abduqodir Husanov Angliyadan Toshkentga kelganidan buyon nimalar bilan band boʻlgani haqida ayrim faktlar keltirib oʻtildi. Sizningcha bularning hammasi bir sportchining shaxsiy, jismoniy va ruhiy rivojlanishi uchun kerakli mashgʻulotlarmi?
“Manchester Siti”ning muxlislaridan biri Dominic Cuomo bu savolga -yoʻq, deb javob bermoqda. U klub Instagram sahifasiga joylangan Abduqodir bilan bogʻliq post ostiga UzbekistanFAʼni belgilab, quyidagi izohni yozdi:
“Siz Husanovning xavfsizligi va erkinligi bilan bogʻliq notoʻgʻri boshqaruv uchun qisman javobgarsiz.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan koʻplab videolarda futbolchini olomon qurshab olganini koʻrish mumkin – u deyarli bilmaydigan yoki yaxshi tanimaydigan odamlar orasida. Bu esa uni aniq ravishda asabiylashtirib, chalgʻitmoqda.
Sizning burchingiz – u xavfsiz va nazorat qilinadigan muhitda boʻlishini taʼminlash, ayniqsa, xalqaro safarda oʻz mamlakatini himoya qilayotganida, xoh Oʻzbekistonda, xoh chet elda boʻlsin.
Uning shaxsiy hududiga hurmat bilan yondashing, diqqatini himoya qiling va uning faoliyatini ustuvor sanang. Siz bu jarayonda muhim rol oʻynashingiz zarur.
Bunday notoʻgʻri boshqaruvni qabul qilib boʻlmaydi. Yaxshiroq ishlang”.

Xoʻsh! “AK-45” faoliyatidagi oʻsish surʼatini saqlab qolish borasida xavotirona yozilgan mazkur izohga siz qanchalik qoʻshilasiz? Fikringiz muhim albatta...
1 note
·
View note
Text
Afgʻoniston bilan chegarada qora tutun. Ekologiya jim...
Hokimlik fuqarolardan vaziyat boʻyicha ortiqcha vahimaga berilmaslikni, asoslanmagan axborotlarni tarqatmaslikni soʻramoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston chegarasidagi hudud osmonini qora tutun qoplagani aks etgan videolar tarqaldi. Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, ayni kunlarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston davlatlari chegarasidagi neytral hududda, Amudaryo ichkarisida joylashgan kichik orolchalarda qamishzorlarni rejali tartibda yoqish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Ushbu tadbir zararli hasharotlar koʻpayishi va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida mutasaddi idoralarning ruxsati va masʼul organlarning oʻzaro kelishuvi asosida olib borilmoqda”, deyiladi hokimlik xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, yongʻin harakatlari va ularning koʻlami toʻliq nazorat qilinmoqda.
Hokimlik, shuningdek, fuqarolardan vaziyat boʻyicha ortiqcha vahimaga berilmaslikni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa aholi oʻrtasida xavotir keltirib chiqaruvchi asoslanmagan axborotlarni tarqatmaslikni soʻragan.
Surxondaryo viloyati hokimligi ushbu tadbir (oʻt qoʻyish tahr.) belgilangan rejaga muvofiq va xavfsizlik choralariga rioya etgan holda amalga oshirilayotganini bod-bod takrorlamoqda. Biroq viloyat Ekologiya boshqarmasi oʻz nazorat hududida shu kabi “rejali” ishlar amalga oshirilayotgani boʻyicha hech qanday izoh bermayapti. Maʼlumot uchun, boshqarmaning Telegramʼdagi rasmiy kanalida soʻnggi xabar joriy yilning 17-mart sanasida joylangan.
Hokimlik matbuot xizmati ishlar mutasaddi idoralarning ruxsati va masʼul organlarning oʻzaro kelishuvi asosida olib borilayotgani haqida yozmoqda, ammo viloyat FVB yongʻin chizigʻi qay tartibda nazorat qilinayotgani borasida tushuntirish bermagan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ham atmosferaga chiqayotgan zararli tutun hamda gazlar yuzasidan izoh berganicha yoʻq.
Savollar ochiq qoldi. Mutasaddi idoralardan rasmiy axborot kutib qolamiz (!)
1 note
·
View note
Text
Ekologiya otangmi?
Bugun xalq tilida aytganda, “terpila”lik qildim. Dam olish kuni boʻlgani uchun Instagramʼda zombiga oʻxshab soatlab qolib ketibman. Buni qarangki, reelsʼlardan birida Registon maydonida kelin-kuyov va yana oʻnga yaqin yoshlar geliy bilan toʻldirilgan yuzlab sharlarni havoga qoʻyib yuborgani tasvirlangan video chiqib qoldi.
Kadr ortida allaqanday romantik qoʻshiq ketmoqda. Videoga men hurmat qiladigan ayrim tanishlarim ham like bosgan, koʻrishlar soni ham oz emas — 371 ming.
Negadir bu holat meni ajablantirish oʻrniga gʻashimni keltirdi. Anchadan beri ekologiya, atrof muhit, asraylik-asraylik, deb jon kuydiraman, xabaringiz bor. Shu sababmi, videoning izohlar boʻlimiga oʻtib Ekologiya vazirligining Instagramʼdagi rasmiy sahifasini belgiladim. Koʻp oʻtmay avtor yuqoridagi rasmda oʻqiganingiz: “terpila”misan ch***
Bu gapdan keyin Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Samarqand viloyati boshqarmasi rasmiy Telegram kanalida qayd etilgan raqamda 97614885*, Sherali Iskandarov bilan bogʻlandim. Geliy bilan toʻldirilgan pufaklarning inson sogʻligʻi va tabiatga salbiy taʼsiri qanday ekanidan oz boʻlsada xabarim boʻlgani uchun ishning oxiriga yetmoqchi boʻldim.
Masʼul shaxs bilan suhbat davomida uning vaʼdasini oldim va koʻngilni xotirjam qilib, ishni boshladim (xs.uzʼda navbatchi edim). Biroz vaqt oʻtib, murojaatim samara berdimi, shar sotuvchi shovvoz yangi izoh yozdi: Ekologiya otangmi
Uning fikricha, mendagi -ha javobi — ona vatan, ota yurt degani kabi bir gap emas, balki haqorat. Unga nisbatan, ekologiya sening ham otang, uni ifloslantirma, deyish bilan cheklandim.
Men u mishqi bilan pachakilashishni istamadim, agar zarracha xohishim boʻlsa telefon qilib, ota-onasidan boshlashga menda soʻz boyligi bor, ammo Ramazonni hurmati...
Darvoqe uning raqamini 1 daqiqada topa oldim, qanday qilibmi? Instagram profilida Telegram guruhiga link qoldirgan ekan, gruppa adminʼi janobning oʻzlari. Buni qarangki, ilova sozlamalarini tushunmagan Lazizboy tel raqamini ochiqdan-ochiq havola etib qoʻygan. Tabada bam...
Gaz bilan toʻldirilgan sharlarni osmonga uchirish nimasi bilan zararli va nega men unga qarshi chiqyapman?
1986-yilda AQShdagi shaharlarning birida sharlar festivali oʻtkaziladi. Unda tashkilotchilar Ginnessning rekordlar kitobiga kirish uchun havoga 1,5 millionta shar uchirmoqchi boʻlishadi. Oxir-oqibat bu ish koʻplab YTHlarga, parvozlarning toʻxtab qolishiga va shahar hamda uning atrofi boʻylab jiddiy ekologik falokat sodir boʻlishiga olib keladi.

Balki Samarqanddagi holatda sharlar millionta emas edi-ku deyishingiz mumkin. Ha, 100 ta shar bilan nima ham oʻzgaradi, hech qancha emas-ku?! Quyida havoda emas yerda boʻlgan salbiyliklar va ularga qarshi harakatlarga bir-ikkita misol keltiraman:
Turkiyadagi oʻrta maktabda bitiruv marosimini nishonlayotgan oʻquvchilar qoʻlida geliy gazi bilan toʻldirilgan sharlar portlab ketdi. Oqibatda 10 nafar oʻquvchi jarohat oldi.
Xuddi shu kabi holat yurtimizda, mahalliy oʻquvchilar bilan ham yuz berdi. Oʻzbekiston maktablaridan biridagi bitiruv marosimida gaz bilan toʻldirilgan sharlar portladi. Oqibatda bayram ishtirokchilari va tomoshaga yigʻilgan oʻrta sinf oʻquvchilari oʻrtasida sarosima koʻtarildi. Voqea tasvirlangan videolardan koʻrinadiki, jabrlanganlar ham boʻlishi mumkin.
Shuningdek, respublikamiz hududlaridan birida tugʻilgan kun bayramini nishonlanayotgan paytda geliy toʻldirilgan sharlar portlab, mehmonlar va tugʻilgan kun egasining yuzini kuydirdi.
Bu kabi holatlardan dars olmagan oʻzbekistonlik ayrim tadbirkorlar istirohat bogʻlariga koʻproq odam jalb qilish maqsadida rekord miqdordagi sharlar yomgʻirini vaʼda qilib, eʼlon tarqatdi.
Telegramʼdagi “Ekologuz” kanali esa shouda ishlatiladigan bir martalik sharlar ekologiyaga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirlarini bildirgandi.
“Lateks sharlar juda uzoq yillar parchalanadi, bu vaqt ichida qushlar, quruqlikdagi va dengiz hayvonlarining hayotiga tahdid soladi”, deb yozgan loyiha.

Toshkent shahri Ekologiya boshqarmasi 2024-yilning 10-aprel kuni “Ashxobod” sayilgohida rejalashtirilgan 20 mingtalik shar yomgʻiri haqidagi xabarga munosabat bildirib, pufaklar 5 metr balandlikdagi balkalardan tushirilishini bildirdi.
“Tashkilotchilar ekologiyaga zarar yetkazmaslik toʻgʻrisida ogohlantirilgan”, deb yozdi boshqarma.
Shundan soʻng, bogʻ masʼullari sharlar geliy bilan toʻldirilmagani, tabiatga zarar yetkazmasligi va ular havoga uchirilmay, tepadan pastga tushirilishini aytib chiqdi.
Ammo ular 20 mingta sharni nazorat qilishga, ular shamol taʼsirida atrofga tarqab ketmasligiga kafolat bera oladimi? degan savolni oʻrtaga tashladi Uzdiplomat nashri.

Birozdan keyin tarmoqlarda Jizzax viloyatidagi “Navroʻz” bog��ida 5 mingta shar uchirilishi haqida eʼlon tarqaldi. Biroq Ekologiya vazirligi jonbozlik koʻrsatdi, sharlar yorilib, yaroqsiz holatga keltirildi.

Vaqtlar oʻtib voqealar rivoji ijobiy tus ola boshladi, vazirlik sharlarni Oʻzbekistonga olib kirish uchun bojxona toʻlovlarini 10 baravarga oshirish, mamlakatda shar uchirish kabi tadbirlarni oʻtkazmoqchi boʻlganlarga utilizatsiya talabini qoʻyish va bunda sharlarning narxiga nisbatan 100 baravar miqdorda narx belgilash taklifi bilan chiqdi.

Tashkilot, shuningdek, ekologiyaga befarq boʻlmagan fuqarolarni plastik oʻyinchoqlar, sharlar uchirish kabi tadbirlarga yoʻl qoʻymaslik, bunday tadbirlarga boykot eʼlon qilishga chaqirdi. P.s: Men ham shu topshiriqni bajaryapman (!).

Agar sizga qiziq boʻlsa OʻzA agentligi “Beozor pufaklar”ning ayanchli oqibatlari nomli maqola va video lavha eʼlon qilgan, shaxsiy tavsiyam.
1 note
·
View note